Ta’lim va taraqqiyot uyg‘unligi: Turan Xalqaro Universiteti xalqaro maydonga dadil qadam tashlamoqda

Ta’lim va taraqqiyot uyg‘unligi: Turan Xalqaro Universiteti xalqaro maydonga dadil qadam tashlamoqda

Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarning raqobatbardosh bilim va kasb egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz tashabbuslari asosida oliy ta’lim muassasalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ta’lim sifati va bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday islohotlar samarasi o‘laroq, Turan Xalqaro Universiteti bugungi kunda hududdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylanib bormoqda.

Bugungi kunda Turan Xalqaro Universitetida 5 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Universitetda ta’lim jarayonlari zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilgan bo‘lib, xalqaro tajribani joriy etish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan, 23 nafar talaba Malayziya, Yaponiya, Turkiya, Gruziya va Ozarbayjon davlatlari bilan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro talabalar almashinuvi dasturlari asosida ta’lim olmoqda.

Talabalar uchun yaratilgan ijtimoiy sharoitlar ham e’tiborga molik. Universitet tomonidan 410 nafar talaba yotoqxona bilan ta’minlangan. O‘tgan o‘quv yilida mazkur oliygohni tamomlagan 34 nafar bitiruvchining barchasi ish bilan ta’minlangani, ta’limning amaliyot bilan uzviy bog‘langanidan dalolat beradi.

Xalqaro tajriba va amaliyotga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Yaponiyada oylik maosh to‘lanadigan xalqaro amaliyot dasturlari joriy etilgan bo‘lib, 5 nafar talaba ushbu dastur asosida muvaffaqiyatli amaliyot o‘tab qaytgan. Bu esa yosh mutaxassislarning global mehnat bozoriga moslashuvini yanada kuchaytirmoqda.

Talabalarni rag‘batlantirish maqsadida universitetda bir qator grant va stipendiya dasturlari amal qilmoqda. Ingliz tili bo‘yicha IELTS sertifikatidan 6.0 va undan yuqori natija ko‘rsatgan talabalar uchun universitet grantlari joriy etilgan. Ayni paytda 42 nafar talaba davlat granti asosida ta’lim olmoqda, shuningdek, universitet va hamkor tashkilotlar tomonidan iqtidorli yoshlar uchun maxsus stipendiyalar ajratilgan.

Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov mazkur oliygoh faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O'rganish ishlari davomida ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda kelgusidagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shubhasiz, Turan Xalqaro Universitetida olib borilayotgan tizimli ishlar kelgusida malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutadi.

Namangan shahar hokimligi Matbuot xizmati

Oldingi xabarGlobal konferensiya, nufuzli hamkorliklar va real imkoniyatlar
Keyingi xabarTA’LIM SIFATI – BIZ UCHUN ENG MUHIM MASALA