2025-YIL 19-NOYABRDAGI “SIFATLI TA’LIMNI TA’MINLASHDA RAQAMLI PEDAGOGIKA VA SUN’IY INTELLEKT IMKONIYATLARI” MAVZUSIDAGI XALQARO ANJUMANDAN FOTO LAVHALAR
Anjuman ta’lim sifatini oshirish, raqamli vositalarning didaktik imkoniyatlarini o‘rganish hamda sun’iy intellektdan ta’lim jarayonida samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlandi. Ilmiy ishlarda ta’lim natijalarini baholash, o‘quvchilarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, xorijiy tillarni o‘qitish, o‘yinlashtirish hamda sport pedagogikasiga oid zamonaviy yondashuvlar yoritildi.
Anjuman materiallari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalari vakillarining ilmiy tadqiqotlarini birlashtirdi. Jumladan, Qozog‘istondagi Turan universiteti, Janubiy Koreyadagi Kangwon National University, Namangan davlat universiteti hamda University of Business and Science vakillarining ilmiy ishlari to‘plamdan o‘rin oldi.
To‘plamda jami 44 nafar muallifning 43 ta ilmiy ishi chop etildi. Shundan Turan International Universityning 30 nafar muallifi 29 ta ilmiy ish bilan ishtirok etdi. 9 ta ilmiy ishning hammualliflikda tayyorlangani professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni namoyon etdi.
Xususan, professor N. N. Maxmudov va talaba Durdona Tursunboyevaning maqolasida basketbolni o‘qitishda, E. A. Ortikov va talaba Sarvar Rahimjonovning ilmiy ishida esa biologiya ta’limida sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi.
Anjuman materiallaridan ilmiy seminarlarda, talabalarning mustaqil ta’lim jarayonida hamda yangi ilmiy tadqiqot mavzularini shakllantirishda foydalanish tavsiya etildi.
